Yangi yil mo'jizasui

12 0 0
                                    

– Jasur, o‘g‘lim, men uz-o-oqqa ishlagani ketyapman. Yangi yilda qaytaman. Senga u yerdan nima olib kelay? – so‘radi dadasi Jasurni bag‘riga bosib. Kutilmagan savoldan Jasur shoshib qoldi. Keyin ko‘zi hovli etagidagi yaproqlari shabadada chiroyli shovullab turgan mirzaterakka tushdi. “Menga mana shu terakdek baland, rostakam archa olib keling. Hovlimizga o‘rnatamiz”, – dedi u. Ota-bola qo‘l tashlashdi.

– O‘g‘lim, taygadagi judayam chiroyli bir archani senga tanlab qo‘ydim. Biroq u hali kichkina. Bir-ikki yilda sen aytgandek baland bo‘lib o‘sadi. Ana o‘shanda uni poyezdga ortib uyimizga olib boraman. Archa bayramiga hamma o‘rtoqlaringni chaqirasan, – deb qo‘ng‘iroq qildi dadasi bir kuni. Biroq yangi yilda dadasi kelmadi. Balki dadam archani katta bo‘lishini kutayotgandir, – o‘yladi u. Keyingi yil Jasur maktabga chiqdi. Yozishni o‘rgandi, dadasiga xat yozdi. Dadasi rosa xursand bo‘ldi. Jasur juda chiroyli, bexato yozardi. Afsus 2-sinfdaligida ham, 3-sinfda o‘qiyotganida ham dadasidan darak bo‘lmadi. Negadir, endi dadasi na xat yozardi, na telefon qilardi.– Bolajonim, balki Qorboboga xat yozarsan. Axir ular biz taraflarga o‘rmonlar oralab keladi-ku. Ehtimol u dadangni uchratib qolar, – dedi bayram yaqinlashgan sari xomush tortib borayotgan nabirasini bag‘riga bosib buvisi.

– Foydasi yo‘q, bultur ustozimizning topshirig‘i bilan hammamiz Qorboboga xat yozganmiz. Men bilan G‘olibning xati Qorboboga yetib bormagan.

– Nega unday deyapsan?

– Chunki Qorbobo men bilan G‘olibdan boshqa bolalar aytgan barcha sovg‘alarni olib kelgan-da.

– Shunaqami, unda-chi, bu safar xatni Qorboboga emas Qor malikasiga yozamiz. Axir u dunyodagi barcha o‘rmonlar, muzliklar, sovuq o‘lkalarning hukmdori. Dadang o‘rmonda adashib qolgan bo‘lsa, Qor malikasi topib uyimizga olib kelar.– Qor malikasining achchig‘i chiqmasmikan. Axir u judayam jahldor-ku, – sekin so‘radi Jasur.

– Sen gapni salomdan boshla. Keyin undan hol-ahvol so‘ra. Biz tomonlarga mehmonga kelishini, ko‘p-ko‘p qor yog‘dirishini so‘ra. Ana undan so‘ng maqsadga o‘t. Yaxshi gap har qanday toshyurakni ham eritadi, bolam. – Jasur “xo‘p” deb xat yozishga kirishdi.

“Assalomu alaykum, hurmatli Qor malikasi! O‘tgan yilgi Yangi yilda yurtimizga juda saxiy Qorboboni yuborganingiz uchun rahmat. Qorbobo ketgach, rosa ko‘p qor yog‘di. Buvimning aytishicha, qor – rizq-nasiba ekan. Biz qish bo‘yi mazza qilib chana uchdik, qorbo‘ron o‘ynadik. Biror marta ham shamollamadik. Buvim sizni juda ham yoqimtoy, saxovatli deb duo qildilar. Dehqon, bog‘bonlar ham sizdan xursand bo‘lishdi. Ammo, bu yil dekabr tugay deb qolgan bo‘lsa-da, qor yog‘mayotgani bizni tashvishlantiryapti. Shuning uchun buvim menga, Qor malikasiga xat yoz, balki qorbulutlar yo‘ldan adashib qolgandir. Qor malikasi bo‘ronga aytsa, ularni bizning yurtimizga olib keladi, deyaptilar. Axir Qor yog‘masa Qorbobolarning chang‘isi ucha olmaydi-ku. Sizga yana bitta shaxsiy iltimosim bor. Dadam Botir Nosirov Sibir o‘rmonlarida daraxt kesuvchi bo‘lib ishlaydi. Bir yil bo‘ldi, ulardan xat-xabar yo‘q. Men dadamga, ulkan archa olib keling, degandim. Buvimning aytishicha, sovuq o‘lkalarda daraxtlar juda sekin o‘sar ekan. Ehtimol dadam archaning katta bo‘lishini kutayotgandir. Ularni topib ayting, menga archa kerak emas. Dadamni buvim, akam, oyim ham sog‘inib kutyapti. Bizga archa ham, sovg‘a ham kerakmas, dadam kerak xolos. Ha, aytmoqchi, shahrimizda yangi qo‘shma korxona ishga tushdi. Hakim tog‘amning aytishicha, u yerda dadamga ish topilar ekan. Qo‘rqmasdan kelaversinlar. Iloji bo‘lsa, o‘zingiz birga olib keling. Shu bilan xatim tamom, xayr. Meni boshqa bola bilan adashtirib yubormasligingiz uchun manzilimni va familiyamni aniq yozyapman. Chunki mahallamizda Jasurlar juda ko‘p. Sizlarni kutamiz”. Jasur xatni konvertga solib yelimlayotganda buvisi kirib keldi.– Iye, o‘g‘lim, xatingni menga o‘qitmading-ku, – hayron bo‘ldi buvisi.

– Bu Qor malikasi ikkalamizning sirimiz bo‘la qolsin. Xat haqida hech kimga aytmang. Tag‘in xatim javobsiz qolsa, uyalib yurmay, – iltimos qildi Jasur.

– Yaxshi niyat qil bolam, mana ko‘rasan. Yangi yilda orzuingga yetasan. Mo‘jizaga ishonsang, albatta unga erishasan. Faqat Qor malikasi manzilini to‘g‘ri yozsang bo‘ldi.

– “Qudratli shimol o‘lkasi va muzliklar qirolichasi, go‘zal Qor malikasiga tegsin”, deb yozdim. – Jasur xatni tezroq yetsin deb Markaziy pochtadan jo‘natdi. Hali Yangi yil kirishiga o‘n kun bor edi. Jasur uchun bu juda uzoq bo‘lib tuyuldi. Buning ustiga har kuni quyosh charaqlab chiqaverdi, na sovuqdan, na qordan darak bor. Issiqdan boshi qizigan qarg‘alar qor so‘rab gurra-gurra uchishadi. Maktabdagi Archa bayramida ham, sirk tomoshalariga borganida ham qor yog‘madi. Biroq sirkdan chiqishganda havo aynigan, sovuq shamol esayotgandi.Yangi yil kirishiga ikki soat qolganda osmon qizardi, izg‘irin o‘rnini iliq havo egalladi. Archa atrofida o‘ynayotgan bolalar bu jimlikdan hayron bo‘lib osmonga qarashdi va baravariga baqirib yuborishdi:

– Urre, qor yog‘yapti, qor!

– Chindan ham o‘ynab-o‘ynab yog‘ayotgan katta-katta qor parchalari, archa barglariga beozorgina qo‘nayotgan qor, ko‘p o‘tmay shiddat bilan yog‘a boshladi.

– Hademay Yangi yil kiradi, biz ham uyimizga bora qolaylik, – bolalar Jasur bilan xayrlashdi. Ko‘z oldida yuz berayotgan mo‘jizadan hayratlangan Jasur kaftlarini ochib qor uchqunlarini yig‘arkan, ko‘zini darvoza tomondan uzolmasdi. Yangi yil kirishiga o‘n daqiqa qoldi, yerni qor qopladi, shu choq darvoza qo‘ng‘irog‘i ikki marta ketma-ket uzun-uzun jiringladi. Faqat dadasigina qo‘ng‘iroqni shunday chalardi. Jasur darvoza tomonga yugurdi...

Samarqand davlat chet tillari instituti 2-kurs talabasi
Mamatova Gulhayo Davronovna

You've reached the end of published parts.

⏰ Last updated: Jan 01, 2023 ⏰

Add this story to your Library to get notified about new parts!

Yangi yil mo'jizasiWhere stories live. Discover now